• Jan

    24

    2011
  • 9051
img

Peyroni kasalligi

Peyroni kasalligi

 

Uchrashi: Peyroni kasalligi penis (jinsiy olat)ni atrofini o'rab oluvchi “tunika albugenea” oqsil pardasining kollagenlaridagi o'zgarish natijasida kelib chiqadi. O'zgarishlar ma'lum joydagi fibroz blyashka (chandiq) hosil bo'lishi va shu joyga bog'liq holda erektsiyada og'riq, kaltalanish va egrilik kelib chiqadi. Bundan tashqari bu bemorlarning 20 – 40% da erektil disfunktsiya (qattiqlashishi (turishini) qiyinlashuvi) rivojlanadi. Asosan 40-70 yoshlar orasida uchraydi, ba'zan yoshlarda ham uchrab turadi. Umumiy erkaklar orasida 3,2% hollarda, 50 -70 yoshlar orasida 7,1% hollarda uchraydi.

Sabablari:

 

Kasallikni to'la tushintirib beradigan sabablari ma'lum emas. Vitamin E kamayishi, ba'zi dori vositalarini (propanolol, metotreksat) uzoq muddatli qabul qilinishi natijasida rivojlanadi degan fikrlar ham bor. Bundan tashqari organizmdagi to'qimalarning kasallikka qarshi javob reaktsiyalarining ham ahamiyati bor. Qandli diabet, uzoq vaqt sigaret chekish yoki siydik yo'llaridagi operatsiyalar asorati sifatidan ham rivojlanishi mumkin. Jinsiy aloqa vaqtida(hard sex, woman on top) penisning kichik travmalar olishi va u erda yallig'lanish rivojlanishi so'ngra fibroz to'qima blyashka rivojlanishi haqidagi fikrlar hozirgi kun uchun asosiy teoriyadir.

 

Tashxis qo'yish va uni baholash:

 

Odatda anamnez va ob'ektiv ko'rik bilan diagnoz qo'yish imkoni mavjud. Bundan tashqari bemor anamnezida kasallikni paydo bo'lish vaqtiga va shakliga (o'tkir yoki surunkali), rivojlanishiga, qo'llanilgan dori vositalariga e'tibor berish lozim. Jinsiy anamnezida bemordan penisni to'la erektsiyaga erishishga qiyinalishini so'rash kerak bo'ladi. Ob'ektiv ko'rilganda penisdagi blyashka o'rnini aniqlash, penisni uzunligini belgilash va erektsiya paytidagi rasmlarini olish va egrilik tipini va darajasini aniqlash kerak. Yoki murojaat qilingan paytda intrakavernozal dori yuborilib baholash mumkin.

 

Erektil disfunktsiyasi mavjud bemorlarga Rangli Doppler Ultrasonografiya qilish va qon-tomirlarini baholash kerak bo'ladi. (DICC-dinamik infuzion kavernozometriya-kavernozografiya; NPT-noktural penis tumesansi; laridan ham foydalansa bo'ladi)

 

Diagnostikasi oson bo'lgani bilan boshqa hastaliklardan differentsial tashxis o'tkazish lozim bo'ladi: tug'ma penis egriligi, penil xordasi, vena trombozi, travma asorati sifatida rivojlangan fibroz va leykoplakiya natijasidagi infiltratsiyalar asosan, ba'zan bo'lsada uchrab turadigan epitiloid sarkoma, angiosarkoma, penis xavfli o'smalarini metastazlaridir.

 

Klinikasi:

 

asosan erektsiya paytida egrilik, og'riq, palpatsiya qilsa bo'ladigan blyashkalar va ED (Erektil disfunktsiyasi) yoki bularni kombinatsiyalaridir. Odatda ko'pchilik blyashkani borligini sezadi(70% holatlarda) lekin sezmasliklari ham mumkin. Egrilik blyashka tarafga qaragan bo'ladi. Erektsiya paytidagi og'riq va blyashka kasallikni aktiv davrini belgilaridan bo'lib 12-18oy davom etishi mumkin. So'ng kasallik og'riqlarni kamayadigan va egrilikni stabillashadigan surunkali davrga o'tadi. Asosan blyashkalar penisni ust tarafida uchraydi va erektsiya paytida yuqoriga egrilikni keltirib chiqaradi, bazan yuqoriga-chapga egrilik ham kuzatiladi.(umuman olganda jinsiy olatni turli tarafga (8 xil) egriliklari uchrashi mumkin). Bundan tashqari ba'zi holatlarda penisda “qum soati” yoki “oqqush bo'yini” kabi deformatsiyalar ham uchrab turadi.

 

Deyarli barcha bemorlar penisini kichkinalashib qolganiga shikoyat qiladilar.

 

Davolash ko'rsatmalari:

 

Bemorlarning ma'lum bir guruhi hech qanday shikoyat bildirmaydilar, ularga bu kasallik hayot uchun xavfli emasligi haqidagi ma'lumotni berish etarlidir. O'tkir davrda penisdagi kuchli og'riq va surunkali davrda jinsiy aloqaga kiraolmaslik davolashga ko'rsatma bo'ladi. Ilmiy izlanishlar natijasida shu narsa ma'lum bo'ldiki agar Peyroni kasalligiga hech qanday tibbiy yondashuv ko'rsatilmasa 30,2% da egrilik yanada rivojlanadi, 66,7%da esa stabil qoladi, o'z-o'zidan tuzalgan bemorlar 3%ni tashkil etadi ekan.

 

Davolash:

 

Konservativ davolash:

 

Hozirgi kunda kasallikda og'riq, blyashka va egriliklari bo'lgan aktiv davrlarida konservativ davo qo'llanilmoqda. Keyingi paytlarda rentgen, ultratovush, lazer va ESWL kabi energiya tashuvchilarini qo'llash fikrlari paydo bo'lgan edi, lekin hozircha ilmiy asoslangan yondashuv ko'rsatilmagan.

 

3 xil davolash metodikasi mavjud:

 

1. Oral (og'iz orqali, sistematik) davolash Vitamin E peyroni kasalligini davolashda keng qo'llanilgan edi, chunki qo'llash oson, arzon, nojo'ya ta'sirlari deyarli yo'q. Blyashka hosil bo'lishida rol o'ynaydigan erkin kislorod radikallarini paydo bo'lishini oldini oladi. Vitamin E bilan davolashdan so'ng blyashka kichrayishi 20% , egrilikni tuzalishi 33% hollatlarda kuzatilgan. 13% holatlarda penisdagi og'riqlarni yo'q bo'lganligi ham keltirilgan.

Potasium parabenzoat (Potaba) aktiv davrda foydalanish tavsiya qilingan boshqa bir preparatdir.

Potaba serotonin kontsentratsiyasini kamaytiradi va fibroz to'qima paydo bo'lishini kamaytiradi. Bundan tashqari qimmat va OIT (oshqozon ichak trakti)ga nojo'ya ta'sirlari ham bor. Egrilik tuzalishi 25,8%, blyashka kichrayishi 58% kuzatiladi.

Tamoksifen antiestorgen bo'lib buni ham fibroz to'qimani kamaytirishi ham aytilgan shu maqsadda foydalaniladi lekin bemorlarda OIT va soch to'kilishi kabi nojo'ya ta'sirlar keltirib chiqaradi. Egrilik 46,1%ga, og'riq 66,6%ga, blyashka 30.7%ga kamaygani kuzatilgan.

Kolxitsin eng ko'p ishlatiladi. Yallig'lanishga qarshi, kollagen ishlab chiqarishini kamaytiradi, tolalarni erishiga olib keladi. Og'riqni 95%ga , egrilikni 30%ga kamaytiradi.

 

2. Inektsion davolash:

 

Blyashka ichiga steroidlarni yuborish yallig'lanishga qarshi ta'siri tufayli uzoq vaqtlardan beri qo'llanilib kelgan. Deksametazon va Triamsinolon ishlatilgan. Ukol qilingach 36% bemorlarda shikoyatlari qisman yoki batamom yo'qolgan. Nojo'ya ta'sirilaridan to'qima atrofiyasi, fibroz va penis terisini yupqalashishi kuzatiladi.

Kaltsiy kanali blokatorlari kollagen to'qima sintezini ham bloklashi mumkin. Verapamil yuborilgan bemorlarning 91%da og'riqlarni yo'qolganligi, 42%da egrilikni tuzalganligi, 57%da blyashka kichrayganligi kuzatilgan.

Oxirgi paytlarda interferronlarni ham ta'siri borligi haqida ma'lumotlar berilgan. Fibroblastlar paydo bo'lishini va kollagen ishlab chiqarilishini kamaytirish hususiyatlarini nazarda tutib blyashka ichiga yuborish taklif qilingan. Davolash natijasida og'riqni 90%ga, egrilikni 65%ida tuzalganligi va 85% blyashkalarni kichrayganligi kuzatilgan. Interferron bilan davolashdan so'ng penisda sezish qobilyatini pasayganligi va ukol qilingan erda sovuq bir his paydo qilishi mumkinligi ham keltirilgan.

 

3. Fizioterapiya bilan davolash:

 

ionlashgan molekulalarni elektrokinetik yo'l bilan to'qima ichiga transporti natijasida dori vositalarni penis to'qimalarida bir tekisda tarqalishini ta'minlash maqsadida ionoforez qo'llaniladi. Lidokain, deksametazon, verapamil dori vositalarini turli kombinatsiyalarda ionoforez qilinadi. Og'riq yo'qolishi 96%da, blyashkalar 53%da, egrilikni tuzalishi 37%da kuzatilgan.

 

Operatsion Davolash:

 

Peyroni kasalligidagi jarrohlik davolash, egrilikni tuzatish va kasallik natijasidagi erektsiya (jinsiy olatni turishi qiyinlashuvi) muammolari bo'lgan bemorlarga penis ichiga protez taqishdan iboratdir. Jarrohlik davolash konservativ davoni effekti bo'lmagan bemorlarda bajariladi.

 

Operatsiyaga ko'rsatmalar:

 

1-      Bir yildan oshiq davrda jinsiy olatdagi kuchli deformatsiya, egrilik mavjudligi;

 

2-     Egrilikni va erektil disfunktsiyani oxirgi 3 oyda stabil (o'zgarmasdan) qolganligi;

 

3-      Jinsiy aloqaga kiraolishga xalaqit berayotgan penisdagi egrilik

 

4-      Jinsiy olatni o'ta kichrayganligi holatlarida

 

Peyroni kasalligi bilan birga erektil disfunktsiyaga shikoyat qilgan va shikoyati Rangli Dopller ultrasonografiya bilan qon tomir etarsizlik tasdiqlangan bemorlarda odatda jinsiy olat ichi protezi taqiladi. Jinsiy olatni tuzilishidagi farqlar va Peyroni kasalligidagi turli klinik ko'rinishlar tufayli ma'lum bir standart jarrohlik amaliyotini tavsiya qilib bo'lmaydi. Lekin dunyoda tadbiq qilinayotgan operatsiyalarni quydagi uch guruhda jamlash mumkin:

 

Egrilik mavjud penisning tashqi tarafini qisqartirish;

Egrilik mavjud penisning ichki tarafidan uzaytirish;

Jinsiy olat ichi protezlar taqish operatsiyalaridir.Qisqartiruvchi operatsiyalar jinsiy olatdagi blyashkani qarshi tarafidan turli xirurgik usullar yordamida juda osonlik bilan to'g'rilash mumkin. Jinsiy olatning uzunligi etarli darajada bo'lgan bemorlarga, erektsion holati yaxshi va egrilikni o'ta yuqori bo'lmagan holatlarida qo'llash mumkin. Bu operatsiya natijasida 82% holatlarda ijobiy natija olinadi, jinsiy olatni 1-1,5sm.ga qisqarishi deyarli bilinmaydi. Ammo 7% holatlarda egrilikni qaytalanishi va 4% holatlardi erektsiyada nuqson kuzatilishi mumkin.

Uzaytiruvchi operatsiyalar yuqori darajadagi penis egriliklarida, uzunligini o'ta qisqargan holatlarida yoki “qum soati” deformatsiyalarida amalga oshiriladi. Bu operatsiyalarning asosiy maqsadi hosil bo'lgan blyashkani kesish va o'rnini turli materiallar yordamida yamoq (graft) bilan to'ldirishdan iboratdir. Yamoqlar: insonning venalaridan, mushak fastsiyalaridan, terisidan yoki sintetik (dakron, gorteks) yoki hayvon mahsulotlaridan tayyorlanishi mumkin. Ushbu yamoqlarni o'zaro taqqoslanganda bir birlarida ustun va kamchilik taraflari mavjuddir. Lekin insonning o'zidan olingan graft materiallar juda osonlik bilan to'qimaga moslashuvi va yallig'lanishlarni chaqirmasligi tufayli ishlatish juda katta ahamiyatga egadir. Ammo buning uchun yana bir qo'shimcha operatsion kesma hosil qilish va operatsiya paytini uzayishi bu texnik usul uchun kamchilikdir. Yuqordagi boshqa materiallardan foydalanilganda ham qimmat ham operatsiyadagi yallig'lanishni chaqirilishini xavfini orttiradi. Bu operatsiya natijasida 85% holatlarda jinsiy olat to'g'rilanadi. Bundan tashqari jinsiy olatning bo'yi 2,2sm.ga uzayishi ham mumkin.

 

Jinsiy olat ichi protez taqish operatsiyalari Peyroni kasalligi va erektil disfunktsiya mavjud bemorlarda amalga oshiriladi. Agar bemor jinsiy olatidagi egrilik kichik darajalarda bo'lsa operatsiya faqat protez joylashtirish bilan kifoyalanadi. Agar protez joylashtirilgach penisning egriligi to'g'rilanmasa o'sha vaqtni o'zida Willson (qarshi bukish) texnik usulidan 2daq/3marta foydalanish mumkin. Shunga qaramay tuzalmasa rektus graft usuldan foydalaniladi.

 

            Hozirgi kunda rivojlangan mamlakatlarda uch parchadan iborat shishiriladigan protezlardan foydalanilmoqda, operatsiyadan keyingi davrda %95 bemorlar va ularning juftlari mamnun bo'lishmoqda.

 

Operatsiyalarda odatda umumiy anesteziya yoki spinal/epidural anesteziya ostida juda kam holatlarda mahalliy anesteziyadan foydalaniladi.